Bu yilgi saylovda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, saylovchilarga, saylov tashkilotchilariga qulaylik yaratish, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining saylovda ishtirokini raqamli texnologiyalar ko‘magida tashkil etish maqsadida “E-SAYLOV” axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu axborot tizimi saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
– Saylov jarayonlariga ham raqamli texnologiyalarni joriy etilayotgani aholiga qulayliklar yaratadi, – deydi hududiy saylov komissiyasi a’zosi Sherzod Norboyev.
– Saylash huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu ro‘yxat asosida saylov okruglari va uchastkalari tuzildi. Ana shu saylov uchastkalariga saylovchilarni biriktirish, saylov qonunchiligi asosida saylov uchastkalarini tashkil etish, ularning chegaralarini aniq belgilash va saylovchilarning ro‘yxatini shakllantirishda qulaylik yaratildi.
Xorazm viloyati HSK
Matbuot xizmati