“2024-yilda bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayonining Xorazm viloyati bo‘yicha tahlillari: muammolar va yechimlar” mavzusida onlayn davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad 2024-yilda bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayonini tahlil qilish, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda muammolarni aniqlash, kelgusi saylovlarda ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Viloyat, tuman va shaharlarda tashkil etilgan studiyalarda Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasi raislari, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari, hokimliklarning tashkiliy-kadrlar guruhining rahbarlari va xalq deputatlari mahalliy kengashlari kotibiyati, siyosiy partiyalarning hududiy kengashlaridan vakillar, respublika, hududiy trenerlar, saylov jarayonlarini boshqarish avtomat tizimi, raqamli texnologiyalar vazirligi hududiy boshqarmasi mutaxassislari va saylov jarayonida ishtirok etgan ekspert va mutaxassislar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida ishtirokchilarining saylov okruglari, saylov uchastkalari va saylov komissiyalarini tuzish, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi, deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillarini hamda kuzatuvchilarni ro‘yxatga olish, saylovda ovoz berishga tayyorgarlik va natijalarini aniqlash kabi bir qator yo‘nalishlarda takliflari tinglandi.
- O‘tgan saylovda “Ye-saylov” axborot tizimi juda katta yordam berdi, - deydi Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Zafar Karimov. – Bugun shundan kelib chiqib, viloyat, tuman va shahar studiyalaridan qatnashayotgan ishtirokchilarimiz saylov komissiyalari faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, saylov jarayonida axborot xavfsizligini ta’minlash, elektron ovoz berishni takomillashtirish, saylov ishtirokchilarini tayyorlash va malakasini oshirish, saylov komissiyalari faoliyatining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash kabi masalalarida markaziy saylov komissiyasiga o‘z takliflarimizni berdik.
Davra suhbati ishtirokchilari saylov jarayonlarini takomillashtirishga oid yana boshqa masalalar bo‘yicha ham taklif va mulohazalar bildirishdi.
Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasi