Mamlakatimizda joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini yuqori saviyada o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
– Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga binoan tuzilgan 21 nafar a’zodan iborat Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasi 11-avgustdan boshlab kalendar rejasiga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda, – deydi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zafar Karimov. – Saylovni milliy qonunchiligimiz doirasida ochiq, oshkora tashkil etish uchun viloyat hududiy saylov komissiyasining birinchi tashkiliy majlisida komissiya ish rejasi, ish tartibi, vazifalar taqsimoti, nomenklatura, komissiya a’zolarini hududlarga biriktirish va navbatchilik bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga tegishli mandat berildi va matbuot markazi ham tashkil etildi. Rejaga asosan tuman, shahar saylov komissiyalari a’zoligiga Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari majlislarida muhokama qilinib, “E-SAYLOV” tizimi orqali hududiy saylov komissiyasiga tavsiya etilgan turli soha vakillaridan iborat 241 nafar nomzodlar tasdiqlandi. Shuningdek, Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 40 ta okrug saylov komissiyalari a’zoligiga 376 nafar, 553 ta uchastka saylov komissiyalariga 5 ming 653 nafar a’zolarni tasdiqlash to‘g‘risida ham qaror qabul qilindi.
“Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida bo‘lib o‘tishi belgilangan saylovni yuqori saviyada o‘tkazish tuman, shahar saylov komissiyalari, saylov okruglari va uchastka saylov komissiyalari a’zolarining bilim va ko‘nikmalariga ham bog‘liq.
– Saylov kodeksida saylovlarni ochiq, shaffof tashkil etishning demokratik tamoyillarga asoslangan tartibi belgilab berilgan, – deydi hududiy saylov komissiyasi mas’ul kotibi Shohimardon Matyusupov – Saylov komissiyalariga turli sohalarda mehnat qilayotgan, el obro‘sini qozongan fuqarolar jalb etilgan. Albatta, ularni milliy saylov qonunchiligi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish tartiblari va saylov jarayonlarini boshqarishning avtomatlashgan tizimi bilan tanishtirish uchun 80 nafar malakali hududiy trener tomonidan tuman, shahar saylov komissiyalari va okrug saylov komissiyalarining raisi, o‘rinbosari, kotiblari va a’zolari uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Viloyatda hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalari faoliyat olib borishi uchun saylov komissiyalarining binolarini saylov qonunchiligi talab
lariga muvofiq jihozlab, ularning samarali faoliyat yuritishlari va saylovchilarning o‘z fuqarolik burchini emin-erkin amalga oshirishlari uchun qulay imkoniyat yaratildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi saylovlarda Xorazm viloyatidan 1 million 460 mingdan ortiq saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Ularning o‘zlari tanlagan nomzodni yoqlab ovoz berishi va saylovni yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Buning barobarida fuqarolarning murojaatlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega, – deydi hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bekzod Masharipov. – Saylov kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi. Barcha saylov uchastkalarida fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, ijtimoiy mavqeyi, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’iy nazar, teng saylov huquqidan foydalanishi ta’minlanadi.
Bu yilgi saylovda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, saylovchilarga, saylov tashkilotchilariga qulaylik yaratish, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining saylovda ishtirokini raqamli texnologiyalar ko‘magida tashkil etish maqsadida “E-SAYLOV” axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu axborot tizimi saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
– Saylov jarayonlariga ham raqamli texnologiyalarni joriy etilayotgani aholiga qulayliklar yaratadi, – deydi hududiy saylov komissiyasi a’zosi Sherzod Norboyev. – Saylash huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu ro‘yxat asosida saylov okruglari va uchastkalari tuzildi. Ana shu saylov uchastkalariga saylovchilarni biriktirish, saylov qonunchiligi asosida saylov uchastkalarini tashkil etish, ularning chegaralarini aniq belgilash va saylovchilarning ro‘yxatini shakllantirishda qulaylik yaratildi.
Yaqinda Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olindi hamda saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga ruxsat berildi.
– Ma’lumki, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi saylovning aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkaziladi, – deydi hududiy saylov komissiyasi a’zosi Baxtiyor Ismoilov. – Bu yil parlamentning qo‘yi palatasiga saylanadigan bir yuz ellik deputatning yetmish besh nafari bir mandatlik saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita aniq bir nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq saylanadi. Qolgan, yetmish besh nafari esa, yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida saylanadi.
Saylovni kuzatish maqsadida yurtimizga kelgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik mehmonlar Xorazmda saylovga hozirlik jarayonlari bilan tanishmoqda. Kuni kecha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining uzoq muddatli xalqaro kuzatuvchilari Voldemar Uruba (Chexiya) va Kristina Bogdanova (Rossiya) Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasida bo‘ldi.
Hududiy saylov komissiyasi huzurida matbuot markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, malakali jurnalist va soha mutaxassislari jalb etilgan. Ushbu markazda xalqaro va mahalliy OAVlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Hududiy saylov komissiyasining rasmiy sayti-www.xorazm.saylov.uz va telegram messenjerida Xorazmsaylov2024 – rasmiy kanali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hududiy saylov komissiyasiga elektron murojaat jo‘natish ham mumkin.
Shuningdek, hududiy saylov komissiyasida viloyat aholisining saylov jarayonlari doirasidagi murojaatlarini qabul qilish va uni qonunchilik asosida o‘rganish maqsadida Ishonch telefonlari ham ishga tushirilgan.