Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasining 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasi muhokama qilindi

22.12.2025

4

msk_yangiliklari_in

2025-yil 22-dekabr kuni Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiyaning 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasi ijrosi yuzasidan hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B.Masharipovning axboroti tinglandi.

 

Ta’kidlanganidek, 2025-yil davomida hududiy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi”, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida olib bordi. Shu bilan birga, saylov tizimini takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda komissiya a’zolarining malakasini oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.

 

Xususan, saylov natijalari tahlil qilinib, aniqlangan muammolar yuzasidan saylov jarayonlarini soddalashtirish, hujjatlarni raqamlashtirish va saylovchilar ro‘yxatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. “Saylov qonunchiligi va amaliyoti” rukni ostidagi ilmiy-amaliy tezislar to‘plamiga Xorazm viloyatidan 4 ta ilmiy maqola taqdim etildi.

 

Hududiy saylov komissiyasi tomonidan tuman va shahar saylov komissiyalari faoliyati muntazam o‘rganilib, ularning tashkiliy-huquqiy masalalarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, hujjatlarni yuritish va ish jarayonlarini samarali tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 

Shuningdek, “E-saylov” axborot tizimini modernizatsiya qilish, texnik infratuzilmani yangilash hamda axborot xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Saylov ma’lumotlarini elektron qayd etish va statistik tahlil qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirildi.

 

Hisobot davrida saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2 ta o‘quv seminari va 1 ta davra suhbati tashkil etildi. 2025-yil 12-fevral kuni o‘tkazilgan onlayn davra suhbatida komissiya a’zolari faol ishtirok etdi. Shuningdek, 2025-yil 20–21-oktabr kunlari o‘tkazilgan xalqaro seminar-treningda ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganildi.

 

Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar deputatlarining sifat tarkibini monitoring qilish ishlari olib borildi. Natijada, viloyat Kengashida 40 nafar hamda tuman (shahar) Kengashlarida 310 nafar deputat faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

 

Yig‘ilish yakunida kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan, saylov jarayonlarini takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda jamoatchilik bilan samarali muloqotni kuchaytirish muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur