2026-yil 3-avgust kuni Xalq deputatlari Yangibozor tumani Kengashining 3-Ogahiy hamda Hazorasp tumani Kengashining 5-Beruniy saylov okruglarida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga 2026-yil 16-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida amaliy o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
Mazkur seminarlarda tuman saylov komissiyalari hamda uchastka saylov komissiyalari a’zolari ishtirok etdi. O‘quv-seminarlarda Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasi a’zolari Eshmetov Temur Hamidjanovich, Atajanova Feruza Erkinovna, hududiy saylov komissiyasi kotibi D. Xalilov hamda komissiya a’zosi G. Satloqova tomonidan saylov qonunchiligi talablarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash, saylov uchastkalari faoliyatini samarali tashkil etish, saylov hujjatlarini yuritish tartibi, ovoz berish jarayonini qonunchilikda belgilangan talablar asosida o‘tkazish, shuningdek, saylov komissiyalari a’zolarining huquq va majburiyatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi hamda amaliy tavsiyalar bildirildi.
Seminarning amaliy qismida saylov kunini tashkil etish jarayoni ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi. Unda saylov uchastkasini jihozlash, saylovchilarni kutib olish va ro‘yxat asosida qabul qilish, saylov byulletenlarini berish tartibi, yashirin ovoz berishni ta’minlash, ko‘chma saylov qutisidan foydalanish, shuningdek, ovoz berish yakunlangandan so‘ng saylov hujjatlarini rasmiylashtirish bosqichlari amaliy misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, seminarlar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi, saylov jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan turli amaliy vaziyatlar muhokama qilinib, ularni saylov qonunchiligi talablariga muvofiq hal etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ta’kidlanganidek, saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik tamoyillari asosida yuqori saviyada tashkil etish fuqarolarning erkin xohish-irodasini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ularning saylov huquqlarini ishonchli kafolatlash hamda saylov jarayoniga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.