2026-yil 3-avgust kuni Xalq deputatlari Yangibozor tumani Kengashining 3-Ogahiy saylov okrugida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rniga 2026-yil 16-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tuman saylov komissiyasi hamda uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasi a’zolari Eshmetov Temur Hamidjanovich va Atajanova Feruza Erkinovna ishtirok etib, saylov qonunchiligi talablarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash, saylov uchastkalari faoliyatini samarali tashkil etish, saylov hujjatlarini yuritish tartibi, ovoz berish jarayonini qonunchilikda belgilangan talablar asosida o‘tkazish, shuningdek, saylov komissiyasi a’zolarining huquq va majburiyatlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berdilar hamda amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar davomida ishtirokchilarning savollariga javob berildi, saylov jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan amaliy holatlar muhokama qilinib, ularni qonunchilik talablari asosida hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminarning amaliy qismida esa saylov kunini tashkil etish jarayoni ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi. Unda saylov uchastkasini tayyorlash, saylovchilarni ro‘yxat asosida qabul qilish, saylov byulletenlarini berish tartibi, yashirin ovoz berishni ta’minlash, ko‘chma saylov qutisidan foydalanish hamda ovoz berish yakunlangandan so‘ng saylov hujjatlarini rasmiylashtirish bosqichlari amaliy misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Ta’kidlanganidek, saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik tamoyillari asosida yuqori saviyada tashkil etish fuqarolarning erkin xohish-irodasini ta’minlash, ularning saylov huquqlarini kafolatlash hamda saylov jarayoniga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.