Xorazmda uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi

17.09.2024

386

msk_yangiliklari_in

Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasining bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

 

Xorazm viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zafar Karimov boshqargan yig‘ilishda Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari hamda harbiy qismlar komandirlari, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari rahbarlari tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ko‘rib chiqilib, tasdiqlash uchun hududiy saylov komissiyasiga “Ye-saylov” tizimi orqali tavsiya etilgani ma’lum qilindi.

 

 

Viloyat bo‘yicha mavjud 553 uchastka saylov komissiyasiga 5 ming 641 nafar kishi jalb etilmoqda. Ularning 3 ming 73 nafari, ya’ni 54 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 

 

Komissiya a’zolarining 5 ming 313 nafari avval saylovda qatnashgan tajribali kishilardir. Komissiya a’zolarining 60 foizi xalq ta’limi tizimi xodimlari, 18 foizi davlat idoralari va muassasalari xodimlari, 32 foizi nodavlat, notijorat, jamoat tashkilotlari va boshqa soha vakillaridan iborat. 

 

 

Majlisda muhokamalardan so‘ng uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi va bu haqdagi ma’lumot ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilandi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur